O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga ochiq xat
09.
02. 2022
09:58
3920
Yangiliklar

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining rasmiy veb-sayti bo‘lgan journalist.uz da “Qonunbuzarlar jazosiz qolaveradimi?” sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolada keyingi paytlarda yurtimizning turli hududlarida daraxtlarning betonlanishi va asfaltlanishi bilan bog‘liq holatlarning ko‘payib borayotgani haqida so‘z yuritilib, bila turib bunday ishlarga “bosh-qosh” bo‘layotganlarga nisbatan kerakli choralar ko‘rish uchun amaldagi qonunchilikni kuchaytirish lozimligi ta’kidlanibdi.

Avvalo, shuni aytish kerak, chindan ham oxirgi vaqtlarda daraxtlar tagini shafqatsizlarcha betonlab va asfaltlab tashlash afsuski, ko‘p kuzatilmoqda. Maqolada to‘g‘ri qayd qilinganidek, ko‘p hollarda ijtimoiy tarmoqlar va OAVda bong urilganidan keyin ekoinspektorlar nazorati ostida o‘sha joydagi daraxtlarning tagi ochilmoqda. Buning uchun jonkuyar jurnalist va blogerlar, yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirgan holda endilikda ushbu og‘riqli holat ham Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinayotganini ma’lum qilamiz, ya’ni hududlarda o‘tkazilayotgan ekologik tadbirlar davomida nafaqat daraxtlarning kesilishi, balki ularning betonlab yoki asfaltlab tashlanishi ham doimiy kuzatuv-nazoratga olinib, tegishli tartibda choralar ko‘rib borilishi rejalashtirilmoqda.

Barchaga ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda ham ekologiya va atrof-muhit masalasiga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Uzoqqa bormaylik, davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 2 fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilish ham bunga bir misoldir. Ushbu yig‘ilishda Prezident Sh.Mirziyoev xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan, tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan, “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqoli va oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekishdek asriy qadriyatlari bo‘lgan xalqimizda ayrim ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketayotganini afsus bilan ta’kidlab, aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarurligiga eng muhim masala sifatida e’tibor qaratishi fikrimizcha, keng jamoatchilik uchun ham mas’uliyatli vazifa yukladi.

Shu nuqtai nazardan olganda, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi qoshidagi Ekojurnalistlar kengashining bugungi kunning og‘riqli masalalaridan biri yuzasidan munosabat bildirishi juda o‘rinli. Maqolada bildirilgan “quruvchi, tadbirkor va boshqalar qachongacha daraxtlarga ozor yetkazishadi, ularning qilgan xatosini ekoinspektorlar qachongacha tuzatishadi?” degan haqli savollar albatta, uzoqqa bormasdan, amaliy tarzda o‘zining aniq javobini topadi. Zero, mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘lida amalga oshirilayotgan butunlay yangi islohotlar jarayonida bevosita sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, qonunlarning samaradorligini oshirish, ijrosini ta’minlash kabi ko‘plab ezgu maqsadlar ko‘zda tutilgan.

To‘g‘ri, bu masalada yaqin va uzoq kelajakni emas, balki bugunni o‘ylab ham ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz qiyin kechadi. Shu bois, yuqorida ta’kidlaganidek, Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan hududlarda olib borilayotgan ekologik tadbirlar davomida nafaqat daraxtlarning kesilishi, balki ularning betonlab yoki asfaltlab tashlanishi ham doimiy kuzatuv-nazoratga olinib, tegishli tartibda choralar ko‘rib borilishi rejalashtirilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar allaqachon boshlangan.

Fursatdan foydalanib, Davlat ekologiya qo‘mitasi ona tabiatga, atrof-muhitga befarq bo‘lmagan barcha insonlarga minnatdorlik bildirgan holda doimiy hamkorlikka chorlaymiz. Zotan, “Birniki mingga” degan naqlni faqat va faqat ijobiy ma’noda qo‘llab, birgalikda harakat qilsak, albatta, natijaga erishamiz.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar