Nufuzli institutning mamlakatimizdagi vakolatxonasi ochildi
22.
02. 2022
15:40
4819
Xalqaro hamkorlik

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Global yashil o‘sish institutining (GGGI) O‘zbekistondagi vakolatxonasining rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Global yashil o‘sish instituti bosh direktor o‘rinbosari Xelena Makloid, institutning Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Achala Abeysingx, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, vazirliklar, idoralar va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir Global yashil o‘sish instituti Assambleyasi Prezidenti Pan Gi Munning ishtirokchilarga videomurojaati bilan boshlandi.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, Global yashil o‘sish instituti xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferentsiyasi doirasida ta’sis etilgan. Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va Kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.

Tashkilotning maqsadi – iqlim o‘zgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘li orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Ushbu nufuzli tadbirda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov ma’ruza qilib, Global yashil o‘sish instituti bilan hamkorlik qilish O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda katta o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

2022 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni boshladi. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln AQSh dollariga teng.

Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, barqaror hayotiy ta’minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashdir.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Global yashil o‘sish instituti MDH, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi ofis hisoblanadi.

Tadbir davomida Global yashil o‘sish instituti hamda Barqaror rivojlanish bo‘yicha Davlatlararo komissiyasi o‘rtasida Orol dengizi xavzasi uchun muhim hisoblangan yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar