Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlash holatlariga chek qo‘yildi
05.
04. 2023
16:57
3419
Yangiliklar

30-mart – 1-aprel kunlari Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya organlari hamkorligida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.

30–31-mart kunlari o‘tkazilgan tadbirda Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanidagi "Sardoba" suv omborida 2 nafar fuqaroning noqonuniy ravishda baliq ovlaganligi ma'lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, 30-mart kuni tungi soat 23:00 dan 31-mart kuni tungi soat 03:00 ga qadar taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida 3 turdagi 242 dona baliq ovlangan. 

Huquqbuzarlardan 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator, 1 dona elektr qarmoq hamda 1 juft eshkak daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 196 million 380 ming so‘m zarar miqdori belgilandi.

1-aprel kuni o‘tkazilgan reyd davomida esa soat 7:30 dan 10:30 ga qadar "Sardoba" suv omborida 4 nafar fuqaro taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida jami 6 turdagi 288 dona baliqlarni noqonuniy ovlagani aniqlandi. Huquqbuzarlardan 2 dona alyumin qayiq, 2 dona benzinli dvigatel va 500 metr leskali to‘rlar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 83 million 670 ming so‘m zarar miqdori belgilandi.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish maqsadida Prokuratura organiga taqdim etish uchun hujjatlar rasmiylashtirildi.

Foydali manbalar