O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligida yurtimizning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi ko‘magida BAA va Yaqin Sharqdagi yetakchi kompaniya – “Beeah Group” bilan videomuloqot o‘tkazildi.
“Beeah Group” kompaniyasining “Zero Waste” modelini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda, Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va “Beeah Group” bosh direktori Xolid Al Xuraimel O‘zbekistonda ushbu modelni qo‘llash imkoniyatlarini, shuningdek, chiqindilarni kompleks boshqarishda raqamli yechimlarni joriy etish masalasini muhokama qilishdi.
Ma’lumot uchun, “Zero Waste” konsepsiyasi chiqindisiz qayta ishlashni maksimal darajada oshirish, chiqindilarni minimallashtirish, atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikni ifodalaydi.
Bosh direktor Xolid Al Xuraimel “Beeah”ning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini va mamlakatda chiqindilarni boshqarishning barqaror integratsiyalashgan tizimini yaratish bo‘yicha qo‘shma yechimlarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilishda chiqindi poligonlarini zamonaviy va ekologik toza poligonlarga aylantirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Vazirlikning O‘zbekistondagi asosiy masalalar, jumladan, avtomobil shinalari, akkumulyatorlari, biologik chiqindilarni qayta ishlash va energiyaga aylantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, “Beeah Group” chiqindilarni kompleks boshqarish va innovatsion ekologik yechimlar sohasida yetakchi kompaniya bo‘lib, shuningdek, tashkilotlar va shaharlar uchun ekologik innovatsiyalar hamda aqlli yechimlari bilan mashhur.