O‘zbekiston BMTning biologik xilma-xillik global dasturini qo‘llab-quvvatlaydi
13.
04. 2023
11:06
6733
Yangiliklar

2023-yil 12-aprel kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Markaziy Eko bog‘ida Global ekologik jamg‘armasi (GEF)ning grant mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshiriladigan Bioxilma-xillik bo‘yicha global dasturini erta qo‘llab-quvvatlash (GBF-EАS) qo‘shma loyihasining boshlang‘ich yig‘ilishi tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, 2022-yil 19-dekabr kuni Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturi (GBF) 190 mamlakat tomonidan ma’qullandi. Ushbu tarixiy dastur 2050-yilga kelib tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydigan dunyo global konsepsiyasi maqsadlariga erishish uchun yo‘l xaritasini belgilaydi. Dasturning asosiy ko‘rsatkichlari 2050-yilga qadar 4 ta maqsad va 2030-yilga qadar 23 ta nishonga erishish hisoblanadi. Dastur bioxilma-xillik bo‘yicha global harakatlar uchun mustahkam asos bo‘lib, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini to‘ldiradi va 2050-yilga kelib iqlim o‘zgarishiga chidamli va va barqaror dunyoga yo‘l ochadi.

“O‘zbekiston global integratsiya masalalarida faol pozitsiyani egallaydi, — dedi tadbirda nutq so‘zlagan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov. Biz bioxilma-xillik va umuman tabiatga jamiyatning munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shishga intilamiz”.

Ta’kidlash kerakki, bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturiga qo’shilish bilan bir vaqtda O‘zbekiston dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari kabi uni amalga oshirish uchun o'zining milliy maqsadlarini belgilash majburiyatini oldi. Boshlangan loyiha O‘zbekistonning bioxilma-xillikni saqlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, monitoringini amalga oshirish va moliyalashtirish bo‘yicha siyosatini belgilab beruvchi Milliy strategiyasi va Harakatlar rejasini global dasturining kun tartibiga mos keladigan tarzda qayta ko‘rib chiqishga ko‘maklashadi.

Biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni ta'minlash bo‘yicha harakatlar rejasi:

me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;

davlat kadastrini yuritish va oʻsimlik hamda hayvonot dunyosi obyektlari monitoringini yuritishni takomillashtirish;

siyosatni shakllantirish va qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan bioxilma-xillikning holati va ahamiyati to‘g‘risidagi zamonaviy ilmiy axborotni takomillashtirish;

hayvon va o‘simliklarning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

hayvonot va o'simlik dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish;

muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (QT) tizimini va ekologik turizmni rivojlantirish;

aholining ongi va ekologik madaniyati darajasini oshirish.

"Bioxilma-xillik va ekotizim xizmatlarining yo‘qolishi xarajatlar va xatarlarni oshirishi  hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning pasayishiga olib kelishi mumkin, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. Biz hozir ham ushbu ta’sirlarni sezmoqdamiz. Orol dengizining qurib borayotgani, butun mamlakat bo‘ylab tez-tez sodir bo‘layotgan chang bo‘ronlari tabiiy resurslardan mas’uliyatli tarzda foydalanish lozimligini anglatadi”.

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston bioxilma-xilligi 27 mingdan ortiq turlarni oʻz ichiga oladi. Ular orasida umurtqasiz hayvonlarning 14900 turi, umurtqali hayvonlarning esa 715 turi uchraydi. Umurtqalilarning 107 turi sutemizuvchilar, 467 turi qushlar, 61 turi sudralib yuruvchilar, 3 turi amfibiyalar, 77 turi baliqlardir. Shuningdek, 11000 turdagi o'simliklar, qo'ziqorinlar, suv o‘tlari bor.

Bundan tashqari, yuqori yovvoyi o'simliklarning 4300 turi bo‘lib, ulardan 8 foizi endemik turlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga (2019) 206 hayvon va 314 o‘simlik turi kiritilgan.

Asosiy global maqsadlardan biri bu 2030-yilga qadar dunyo bo‘ylab tanazzulga uchragan ekotizimlarni 30% qayta tiklash, maʼlum turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish va 2050-yilga kelib barcha turlarning yo‘q bo'lib ketish xavfini va tezligini o‘n baravar kamaytirish, 2030-yilgacha pestitsidlar xavfini kamida 50% ga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi uchun ajratilgan hududlarni barqaror boshqarish va agroekologiya va boshqa bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan amaliyotlarni sezilarli darajada oshirish (maqsadlarning to‘liq ro‘yxati www.cbd.int mavjud) hisoblanadi.

Kelgusi ikki yil davomida loyiha doirasida 2020-yildan keyingi davrda bioxilma-xillikni saqlashning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, milliy maqsadlar, monitoring, siyosat va moliyaviy asoslarni Global dastur bilan muvofiqlashtirish va erta harakatlarni tezlashtirish maqsadida vazirlik va idoralar, ilmiy doiralar, NNTlardan iborat milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Foydali manbalar