Qozog‘iston bilan atrof-muhitni muhofaza qilishga doir kelishuvga erishildi
28.
04. 2023
12:42
3982
Yangiliklar

27-aprel kuni Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vaziri Zulfiya Suleymenova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ekologik monitoring, bioxilma-xillik va tabiiy hududlarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

"Atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi, — dedi Aziz Abduhakimov. — Shuning uchun ham bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va tizimli davom ettirish lozim".

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2022-yil dekabrida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan bitim imzolangandi. Muzokaralar davomida ana shu bitim doirasida turli yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish borasida kelishuvlarga erishildi.



Uchrashuv yakunida Qozog‘iston O‘zbekiston Respublikasining cho‘llanish bo‘yicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), joriy yilning kuzida Samarqandda bo'ladigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif qilindi.

Foydali manbalar