O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash taqiqlanadi
05.
08. 2023
14:00
3978
Yangiliklar

4-avgust kuni Oliy Majlis Senatining 43-yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasiga (yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy ravishda yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash) kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’qullandi.

Mazkur o‘zgartirish jismoniy shaxslar tomonidan saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxatini, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ushbu hayvonlarni saqlash tartibini belgilaydi.

Roʻyxatga yovvoyi hayvonlarning 66 dan ortiq turlari, jumladan, hasharotlar, baliqlar, zaharli ilonlar, ayiqlar oilasining barcha kenja turlari, yoʻlbarslar, timsohlar, lochinlar, yovvoyi mushuklar, boʻrilar, shoqollar, tulkilar, orangutanlar, shimpanzelar va boshqa koʻplab hayvonlar kiradi.

Ta’kidlash joizki, mazkur o‘zgartirishlar aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar bilan munosabatda jamoat tartibiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida kiritilgan.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda yovvoyi hayvonlarning odamlarga hujumi bilan bog‘liq 2 ta holat qayd etilgan. Xususan, 2022-yilning 7-aprel kuni Toshkent viloyatida sher bolasi 3 yoshli bolaga hujum qilib, og‘ir jarohat yetkazgan.

Foydali manbalar