Orol dengizi hududidan noqonuniy tarzda artemiya sistalarini yig‘ib olayotgan shaxslar qo‘lga olindi
29.
08. 2023
15:02
2381
Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Еkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Mo‘ynoq tumani ichki ishlar boshqarmasi hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida Qozog‘iston Respublikasi chegara oldi hududlari, Orol dengizi qirg‘oqlarida tezkor reyd tadbiri o‘tkazildi. 

Tadbir davomida bir guruh shaxslar tomonidan qiymati 102,9 million so‘mga teng bo‘lgan jami 1029 kg “artemiya sista”lari hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda yig‘ib olib ketilayotganligi aniqlandi va to‘xtatildi.

Holat natijasida tabiatga 68 million so‘m miqdorida moddiy zarar keltirilganligi ma’lum bo‘ldi. Ayni damda holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, artemiya sistalari Orol dengizining qurigan sohillarida hayot kechiradi. Xlorlangan, sulfatlangan, karbonat va tuzli muhitda yaxshi ko‘payishga ixtisoslashgan ushbu tirik mavjudotlar akvamadaniyat sanoatida, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi. 

Orol dengizi hududlaridan artemiya sistalarini yig‘ib olish uchun ekologiya organlari tomonidan kvota berilishi va tabiatga zarar yetkazmagan holda ushbu tirik mavjudot sistalaridan ko‘rsatilgan miqdorlardagina foydalanish mumkinligi belgilangan.

Foydali manbalar