Rasmiy munosabat! Sergelidagi chiqindi bilan bog‘liq holatda qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgan
07.
09. 2023
17:18
1168
Yangiliklar

Toshkent shahar, Sergeli tumani aholisi tomonidan “Daryo bo‘yi” MFY hududida muntazam ravishda chiqindilar joylashtirib kelinayotganligi haqida murojaat kelib tushdi. 

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi, Sergeli tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan murojaat joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish natijasida Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Daryo bo‘yi” MFY, hududida Sergeli tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan noqonuniy ravishda hech qanday ruxsatnomalarsiz muntazam ravishda chiqindilar joylashtirib kelinganligi maʼlum bo‘ldi.

Аniqlanishicha, o‘tgan davr mobaynida tuman inspektorlari tomonidan Sergeli tuman hokimligiga va Sergeli tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 7 marotaba hududdagi to‘planib qolgan chiqindilarni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilgan. 2 marotaba Sergeli tuman obodonlashtirish boshqarmasi rahbariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik to‘gʼrisida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hudud qayta o‘rganilganida, takroriy ravishda Sergeli tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan noqonuniy ravishda hech qanday ruxsatnomalarsiz chiqindilar joylashtirilib, yoqib yuborilayotganligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, yuqoridagi holat tufayli O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘gʼrisida”gi Qonunining 22, 41, 47-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Chiqindilar to‘gʼrisida”gi Qonunining 15, 17, 22-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-yanvardagi “Qurilish chiqindilari bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi 40-son qarori, “Qurilish chiqindilari bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish tartibi to‘gʼrisida”gi nizomning bir nechta bandlari qo‘pol ravishda buzilgan.

Ayni damda tegishli hujjatlar holatga huquqiy baho berish maqsadida prokuratura organlariga yuborilgan

Foydali manbalar