Toshkent viloyati maktab o‘quvchilariga Qizil kitoblar topshirildi
14.
09. 2023
11:44
2293
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Angren shahridagi 42-umumta’lim maktabiga 100 dona Qizil kitob topshirildi. 

Ma’lumot uchun, bu Qizil kitoblar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan maktab o‘quvchilari uchun qayta nashr etilgan.

Ta’kidlash joizki, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillaridan iborat delegatsiya BMTTD va YXHT loyihalari, shuningdek, sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari bilan tanishish maqsadida Angrenga tashrif buyurgandi. Tashrif doirasida Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ishtirokida 42-umumta’lim maktabida kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Respublikamiz umumta’lim maktablarida tarqatilayotgan Qizil kitoblarning tiraji jami 40 ming nusxani tashkil etadi. Xususan, ayni paytda Xorazm viloyatida 2000, Sirdaryo viloyatida 1250, Jizzax viloyatida 205, Navoiy viloyatida 1400, Qashqadaryo viloyatida 4000 va Toshkent viloyatida 100 ta kitoblar maktab o‘quvchilariga yetkazib berildi.

Eslatib o‘tamiz , avvalroq xorij davlatlari va xalqaro tashkilotlar vakillarining Toshkent viloyatidagi sobiq uran qazib olish obyektlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Angrenga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.

Foydali manbalar