Joriy yilning 15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, sog‘lom va xavfsiz atrof-muhitni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, ekologik ta’limni rivojlantirish va madaniyat, xalqaro tajribani hisobga olgan holda institutsional va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e'tibor qaratildi.
O‘z navbatida Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi yuqori baholandi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda EU4Environment Week, eco-challenge #BeTheWave va WECOOP kabi bir qator ekologik dasturlarni amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqan.
Uchrashuvda, shuningdek, o‘zaro manfaatli aloqalarni har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
“Yashil energetika sohasida innovatsion loyihalarni keng joriy etish, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega dasturlarni ishlab chiqish va ekologik ta’lim borasida olib borilayotgan izchil ishlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi", – dedi Aziz Abduhakimov.
Vazirlik 2026-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqi bilan 4 million yevrolik qo‘shma loyihalar va kimyoviy konvensiyalarga oid dasturlarni amalga oshirishga umid bildirdi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, xavfli kimyoviy va ishlab chiqarish chiqindilari sohasida hamkorlik qilish uchun mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish muhimligi ta’kidlandi.
Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Angren shahridagi 42-sonli maktabda 27 ming tup daraxt ekish bo‘yicha “Yashil Makon” umummilliy tashabbusida Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasiga minnatdorchilik bildirildi. Suhbat chog‘ida elchilarning Toshkent viloyatining Angren va Yangiobod shaharlariga sobiq uran konlarini tugatish bo‘yicha joriy yilning 8–9-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan sayyor tashrifi alohida e'tirof etildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda sobiq uran qazib olingan maydonlarni rekultivatsiya qilish bo‘yicha ishlar Yevropa Ittifoqi (YeI) tashabbusi bo‘lgan va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) boshqaruvidagi Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) tomonidan taqdim etilgan 9 million yevro miqdoridagi grant ko‘magida davom etmoqda.
Bundan tashqari, uchrashuvda mahalliy va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekiston va butun mintaqaning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Green University” — Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini o‘rganish universitetining tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida Yevropa Ittifoqi bilan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi, Erasmus+ xalqaro tashabbusi doirasida ilgari surilgan metan chiqindilarini kamaytirish bo'yicha global majburiyat ("Global Methane Pledge"), Oʻzbekistonda oliy taʼlim sohasidagi tub oʻzgarishlarga katta hissa qoʻshgan taʼlim dasturi kabi turli qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga umid bildirildi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining cho‘llanish (UNCCD CRIC-21), yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi, shuningdek, ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.