"Borsa-Kelmas" trakti boʻylab 42 km: amerikalik ultramarafonchi jahon hamjamiyatining eʼtiborini Orol dengizi fojiasiga qaratmoqda
18.
09. 2023
12:44
2765
Yangiliklar

2023-yil 17-sentabr kuni Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Prorun.uz yugurish maktabi asoschisi Andrey Kulikov tashabbusi bilan Orol dengizida davom etayotgan ekologik halokatga e’tibor qaratish maqsadida sport tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir doirasida amerikalik mashhur ultramarafonchi Din Karnasis Andrey Kulikov bilan birgalikda Oroldan 60 km uzoqlikda joylashgan, dengiz va bu mintaqadagi suv resurslaridan ommaviy foydalanish natijasida qurib qolgan "Borsa-Kelmas" trakti hududida 42 km 195 m masofaga yugurdi. 

Marafondan ko‘zlangan maqsad jahon hamjamiyatining e’tiborini Orol dengizi ekologik fojiasiga jalb qilish, shuningdek, 19–23-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 2023-yilgi sessiyasida dolzarb global ekologik muammolarga bag'ishlangan muhokamalarni qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirishdan iborat. 

Insonlarni sport va atrof-muhitni muhofaza qilish bayrog‘i ostida birlashtirgan ushbu marafon jahon hamjamiyatini sayyoramiz bilan uyg‘un yashashga chaqiruvchi mayoq bo‘ldi.

Ekologiya vazirligining YouTube kanalida marafonning jonli efirini dunyoning istalgan nuqtasidan tomoshabinlar kuzatib borishdi. Shuningdek, poyga boshlanishidan oldin @prorun.uz Instagram akkauntida musobaqa tashkil etildi, unda ishtirokchilar marafonchilarning poyga davomida bosib o‘tgan qadamlari yig‘indisini taxmin qilib, iPhone 15 Pro yutib olish imkoniga ega bo‘lishdi.

4 soat, 51 daqiqa, 18 soniya davom etgan marafon natijalariga ko‘ra, Din Karnasisning qadamlari yig‘indisi 43 420, Andrey Kulikovniki 44 860 bo‘lib, jami 88 280 qadamni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda Andrey Kulikov Orol dengizi tubi bo‘ylab 42 km 195 m masofani 4 soat 9 daqiqada bosib o‘tgan. Orol dengizida o‘tkazilgan marafon mintaqadagi ekologik vaziyatga katta e’tibor qaratdi.

Bu yil sport tadbiriga dunyoga mashhur amerikalik ultramarafonchi Din Karnasis qo'shildi. U marafon olamidagi ajoyib yutuqlari, jumladan, 2005-yilda uyqusiz 80 soat 44 daqiqada 350 mil (560 km) masofani bosib o'tgani bilan mashhur. Uning ishtiroki tadbirning global ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib beradi.

Foydali manbalar