O‘zbekistonda qo‘riqlanadigan hududlarga plastik mahsulotlarni olib kirish, sotish va ishlab chiqarish taqiqlanadi
27.
09. 2023
17:12
2200
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tabiatni muhofaza qilish, sogʼlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʼljallangan hududlarga, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarga bir martalik plastik mahsulotlarni (tabiiy organik polimer maxsulotlar mustasno) olib kirish, sotish va ishlab chiqarish taqiqlash to‘g‘risidagi hujjat loyihasi ko‘rib chiqish uchun kiritildi.  

"Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida"gi qonunda mazkur taqiq belgilab qo‘yilgan. 

 (https://regulation.gov.uz/oz/d/85967)Qonunga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik fuqarolarga BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha (660 ming so‘mdan 1 million 650 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 650 ming so‘mdan 3 million 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdordagi qiymatda sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 million 300 ming so‘mdan 4 million 950 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (4 million 950 ming so‘mdan 6 million 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.

Huquqbuzarlikni koʼp miqdordagi qiymatda sodir etgan fuqarolar BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha (6 million 600 ming so‘mdan 8 million 250 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa 25 baravaridan 30 baravarigacha (8 million 250 ming so‘mdan 9 million 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi.

Ushbu qonun 2026-yilning 1-iyul sanasidan eʼtiboran kuchga kiradi. Maqsad — chiqindilarning atrof-muhit, yer, suv va havoga zararli oqibatlar keltirib chiqarishini kamaytirish, atrof-muhitning tozaligini saqlashdir.

Foydali manbalar