CRIC-21: BMT Konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻmita 21-sessiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida bitim imzolandi
11.
10. 2023
11:05
3625
Yangiliklar

Samarqandda BMTning Choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibraxim Tiav hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasi 21-sessiyasini (CRIC-21)ni oʻtkazish boʻyicha bitim imzolashdi.

Maʼlumot uchun, xalqaro darajadagi tadbir 13–17-noyabr kunlari oʻtkaziladi. Tadbir davomida yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash va yerning degradatsiyasi hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishga doir strategik maqsadlarni amalga oshirish jarayonlari koʻrib chiqiladi. Shuningdek, Konvensiyani imzolagan 196 mamlakat va Yevropa Ittifoqi, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, donorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari choʻllanish, qurgʻoqchilik, chang boʻronlari, yerlardan barqaror foydalanish, yerlarni tiklash masalalarini muhokama qilishadi.



Bitim imzolash marosimida nutq soʻzlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi, oʻrmon yongʻinlari va boshqa ekologik muammolarga e'tibor qaratdi. 

“Ekologik kun tartibi Yangi Oʻzbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Mamlakatda investitsiyalarning yarmidan koʻpi choʻllanishga duchor boʻlgan hududlarga yoʻnaltirilgan. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida chang va tuz boʻronlarining oldini olish maqsadida 2 million gektardan ortiq maydonga ommaviy oʻrmonzorlar ekildi, — dedi dedi Aziz Abduhakimov. — Qolaversa, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti – “Green University” tashkil qilindi. Bundan maqsad ekologik muammolarga tezkor va samarali yechim topish uchun malakali kadrlar sinfini shakllantirishdir”.

Vazir, shu bilan birga, CRIC21 tadbiri ekologiya sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashini alohida taʼkidladi.

“Biz har yili 100 million gektar yerlarni yaylov, oziq-ovqat ishlab chiqarish, chorva ozuqasi va tabiatdan oladigan boshqa ehtiyojlar uchun yoʻqotamiz. Tabiat endi bu muvozanatni saqlay olmaydi. Ushbu konferensiya sogʻlom iqtisodiyot, sogʻlom odamlar va ayni paytda sogʻlom ekotizimlar oʻrtasida muvozanatni saqlash uchun kelgusi 20-30 yil davomida nimalar qilish kerakligini aniqlab olishga imkoniyat beradi. Ekologik muammolarning yechimini topishda, Oʻzbekiston muhim rol oʻynaydi", — dedi Ibrohim Tiav.

Maʼlumot uchun, 2022-yil 9-20-may kunlari Kot-dʼIvuar Respublikasida BMTning Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasining navbatdagi 15-Tomonlar Konferensiyasining (SOR-15) yigʻilishida 2023-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasi 21-sessiyasi (CRIC-21) Oʻzbekistonda oʻtkazilishi boʻyicha qaror qabul qilingan edi. Tadbirning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsini mustahkamlaydi, salohiyatli donor tashkilotlarning faollashuviga va sohaga yangi loyihalar kirib kelishining jadallashuviga xizmat qiladi.

Foydali manbalar