Ekologik madaniyatni oshirish: Farg‘ona vodiysida bolajonlarga ekologiyaga oid brayl alifbosidagi kitoblar sovg‘a qilindi
07.
11. 2023
12:31
1378
Yangiliklar

“Qahramonlar davri” bolalar ekologik harakati tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Mehrli qo‘llar” markazi ko‘magida ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internatlarida xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda. 
 
Ana shunday aksiyalardan biri Qo‘qon shahridagi maktab-internatida tashkil etildi. Tadbir doirasida bolalarga ekologiyaga oid brayl alifbosida yozilgan kitoblar sovg‘a qilindi. 


 
Ma’lumot uchun, loyiha Farg‘ona vodiysining beshta shahrida – Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon, Asaka va Kosonsoydagi ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatlarida boshlangan. Har bir ta’lim muassasasining kutubxonasiga “Qahramonlar davri” bolalar eko-seriyasining dastlabki 2 soni taqdim etildi. Ulardan brayl alifbosida tarjima qilingan va chop etilgan "Plastikakl kim?" va “Doktor Chixaxl va uning dahshatli siri” ertaklari, shuningdek, ushbu kitoblarning bolalar spektakli formatida yozilgan audio versiyalari o‘rin olgan. Bu kitoblarda ekologik muammolar ertak qahramonlari orqali tasvirlab berilgan. 
 
Tadbir davomida bolalar ertaklarni qiziqish bilan tinglashdi, viktorina savollariga faol javob berishdi. Shuningdek, bolajonlarga ertak qahramonlarini yasash uchun plastelin to‘plamlari sovg‘a qilindi.  




 
Quvonarlisi, bolalar ekologik muammolarga befarq emasliklarini ko‘rsatdilar. Ular yer va suvning chiqindilar bilan ifloslanishi oqibatlari, global isish nima uchun sodir bo‘lishi va iqlim o‘zgarishi nimalarga olib kelishi haqidagi bilimlarini namoyish etdilar. Savollarga faol javob berib, tabiatni asrash muhimligini muhokama qilgan o‘g‘il-qizlar bolalar ekologik harakatining faol ishtirokchisi bo‘lish, o‘zlarini sayyoramiz himoyachisi va qahramoniga aylanish istagini bildirishdi. 
 
Shuningdek, bolajonlar uchun kuy-qo‘shiqlar, madaniy tadbirlar, konsert dasturi namoyish etildi. 
 

Shuningdek, Namangan viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda Kosonsoy tumanida joylashgan 45-sonli "Nurli maskan" maktab-internatida ham brayl alifbosidagi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar o‘rtasida turli ko‘ngilochar o‘yinlari o‘tkazilib, Ekologiya vazirligining sovg‘alari topshirildi.

Tadbir so‘ngida “Yashil makon” loyihasi doirasida bolajonlar bilan birga maktab hovlisiga 100 tupdan ziyod manzarali ko‘chatlar ekildi.

Foydali manbalar