Yana 30 ta zamonaviy chiqindi tashish mashinalari viloyatlarga jo‘natishga tayyorlanmoqda
08.
11. 2023
13:02
1598
Yangiliklar

Ayni damda yana 30 ta zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari yetkazib berilmoqda. Mazkur texnikalar Yaponiya texnologiyasi asosida yig‘ilgan bo‘lib, Yevropa standartlariga toʼliq javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat koʼrsatishga moʼljallangan. 

Yurtimizda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “nol chiqindi” tamoyili doirasida imzolangan bir qator qaror va farmonlarning ijrosini taʼminlash, aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida umumiy qiymati 24.9 mln AQSH dollari bo‘lgan 12 m³ hajmdagi 300 dona maxsus texnikalar xarid qilingan edi. 

Shuningdek, “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi tegishli bitim asosida maxsus texnikalar uchun ajratilgan to‘lovlardan qaytgan budjet mablag‘lari hisobiga umumiy qiymati 20.4 mlrd so‘m bo‘lgan 7 m³ hajmdagi 30 dona “ISUZU” rusumli chiqindi yig‘uvchi maxsus texnikalar xarid qilindi.

Mazkur texnika vositalari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalariga bir yillik imtiyozli davr bilan uzoq muddatga lizingga berilmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilab, aholiga xizmat ko‘rsatish hajmini 16 foizga oshirishga hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi. 


Taʼkidlash joizki, texnika vositalari Yaponiyaning “ISUZU” brendi ostida Samarqand avtomobil zavodida yig‘ilgan bo‘lib, ularning sifat darajasi Yevropa standartlariga to‘la javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Qolaversa, yurtimiz iqlimiga moslashgan va chidamli.

Ayni damda zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari butun Respublika bo‘ylab yetkazib berilmoqda.

Foydali manbalar