Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito bilan uchrashdi.
BMTning choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilikka qarshi Konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki bilan samarali hamkorlik oʻrnatilganini alohida taʼkidladi.
Maʼlumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan Markaziy hamda Gʻarbiy Osiyo hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning 17 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelmoqda. Mamlakatimiz mintaqada bu koʻrsatkich bo‘yicha ikkinchi oʻrinda.
Uchrashuv davomida shaharlarni kompleks rivojlantirish, ekologiya sohasidagi xodimlar malakasini oshirish, Yaponiyadagi chiqindini qayta ishlash sohasidagi kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Oʻz navbatida Norio Saito 2025–2026-yillarga moʻljallangan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasining 2-bosqichini boshlash taklifini bildirdi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirayotgan islohotlarini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito Oʻzbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, qurgʻoqchilik va ocharchilikka qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Qolaversa, OTB bu boradagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etildi.
Shuningdek, chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish, sohada Osiyo taraqqiyot banki tomonidan investitsiyalarni olib kirish, grantlar ajratilishi hamda vazirlik va quyi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish borasida oʻzaro hamkorlik qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi.
Maʼlumot uchun, 2022-yil 23-dekabrda Yaponiya Ekologiya vazirligi bilan o‘zaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolangan. Memorandumga koʻra, tomonlar iqlim oʻzgarishi, suv va havoning ifloslanishi, chiqindilarni boshqarish sohalarida doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi belgilangan.