Chang va qum bo‘ronlarining 25 foizi inson faoliyati tufayli yuzaga keladi: Samarqandda kuchayib borayotgan qum bo‘ronlari muammosi muhokama qilindi
15.
11. 2023
16:38
3078
Yangiliklar

15-noyabr kuni BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida “Silk Road Samarkand” kongress zalida yalpi majlis boʻlib oʻtdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sent-Luis Qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Alfred Prosper, UNCCD COP15 raisi Alen-Rishar Donvai, Saudiya Arabistoni Qirolligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari, UNCCD COP 16 yangi raisi Usama Ibrohim Faqih, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, IHT Bosh kotibi oʻrinbosari Huseyn Avni Bijakli va xorijiy delegatlar vakillari ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang boʻronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki mamlakat hududining katta qismi dasht va cho'llardan iborat. Ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajalarda kompleks chora-tadbirlar ko'rish kerak. Bu masalani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan nazorat qilib bormoqda, — dedi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida. — Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari bilan biz samarali platforma yaratdik. Messenjerda dolzarb masalalarni muhokama qilamiz, fikr almashamiz. Bugun men ushbu platformani kengaytirish va qo‘shni hududlardagi siyosatchilarning keng doirasini birlashtirishni taklif qilaman”.

Oliy darajadagi tadbir doirasida turli mamlakatlar vazirlari va atrof-muhit sohasidagi yetakchilarning uchrashuvi hamda hukumatlar, BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida interaktiv muloqot bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar qisqa muhokama va ma’ruzachilarga savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“Qum va changdan iborat qora bulutlarning yopirilib kelishi, yo‘lidagi hamma narsani yutib yuborayotgani va kunning tunga aylanishi tabiatdagi eng hayratlanarli manzaralardan biridir. Bu Shimoliy va Markaziy Osiyodan Afrikaning janubi-g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hamma joyda tartibsizlikni keltirib chiqarayotgan xavfli hodisadir, — dedi BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau. — Qum va chang bo‘ronlari barqaror rivojlanishga erishish uchun katta muammo tug‘dirmoqda. Biroq, bu xavfni yanada og‘irlashtirish ham, bartaraf etish ham insonlarning qo‘lida”.

O‘z navbatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bahriddin Nishonov havo ifloslanishini monitoring qilishning zamonaviy tizimlari muhim ekanligini ta’kidladi.

“Tadqiqotlarga koʻra, Markaziy Osiyo va Xitoy atmosferaga chang chiqarish boʻyicha dunyo miqyosida (Sahroyi Kabir choʻlidan keyin) ikkinchi oʻrinda turadi – bu umumiy miqdorning taxminan 20 foiziga teng. O‘zbekistonda shahar va aholi punktlarining atmosfera havosidagi chang va mayda dispers zarrachalarning (PM1, PM2,5, PM10) ko‘rish diapazoni va konsentratsiyasini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi avtomatik meteorologik stansiyalar va havoning ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar o‘rnatilgan. Chang va qum bo‘ronlarini kuzatish va prognoz qilish imkoniyatlarini kuchaytirish ushbu hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi", — dedi u.

Ta'kidlash joizki, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasiga (UNCCD) ko‘ra, qum va chang bo‘ronlari yetarlicha e’tibor berilmagan muammo bo‘lib, hozirda dunyoning ba’zi joylarida “sezilarli darajada” keng tarqalgan.

Har yili atmosferaga Gizadagi 350 ta piramida og'irligiga teng bo'lgan ikki milliard tonna qum va chang tarqaladi. UNCCD ekspertlarining fikricha, bu hodisaning 25 foizdan ortig'i inson faoliyati bilan bog'liq. Zarar Shimoliy va Markaziy Osiyodan Sahroi Kabir, janubiy Afrikagacha bo'lgan mamlakatlarda sodir bo'ladi, ularning inson salomatligiga ta'siri hali ham yetarlicha baholanmagan.

UNCCD, FAO va hamkorlarning qum va chang bo'ronlari hamda ularning omillari haqidagi to'plamida changli qum bo‘ronlari ma'lumotlarini to'plash va baholash, monitoring qilish va erta ogohlantirish, yumshatish va tayyorgarlik, shuningdek, submilliy, milliy, mintaqaviy va global darajadagi antropogen manbalarni xaritalash va yumshatish metodologiyalari borasida kerakli tavsiyalar berib o‘tilgan.

 

Foydali manbalar