Tojikiston bilan mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida kelishuvga erishildi
16.
11. 2023
14:37
2528
Yangiliklar

BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Abduqodir Mavlodod bilan uchrashdi. 

Uchrashuv avvalida A.Mavlodod “CRIC-21” tadbiriga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini, shuningdek, barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik qardosh Tojikiston xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Uchrashuvda tomonlar vazirlik va qo‘mita mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bir qator muvaffaqiyatli loyihalar, xususan, transchegaraviy hamkorlik, jumladan, O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida transchegaraviy zona yaratish, migratsiya turlarini birgalikda monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma trening va seminarlar o‘tkazilayotganini qayd etdilar. 

Shuningdek, tabiat chegara bilmasligini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishining barcha sohalarida mintaqaviy va transchegaraviy rivojlanish muhim ekanligini ta’kidladilar.

O. Qudratov O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yagona ekotizimini saqlab qolish maqsadida mintaqadagi ekologik xavflarni hisobga olgan holda boshqarmalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni faol oshirishga tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, tomonlar 30-noyabr – 12-dekabrda Dubayda bo‘ladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining bo‘lajak 28-konferensiyasi doirasidagi qo‘shma reja va harakatlarni muhokama qildilar.

Bundan tashqari, Tojikiston tomoniga 2024-yilning 12–17-fevral kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining o‘n to‘rtinchi yig‘ilishi (COP14)da ishtirok etish va ushbu konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasi nomidan vakillik qilish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida boshqarmalar o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida va mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida kelishuvga erishildi.

Foydali manbalar