O‘z hududida daraxt kesilishiga yo‘l qo‘ygan o'rmon xo'jaligi xodimlari javobgarlikka tortildi
20.
12. 2023
11:42
1348
Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Boysun tuman bo’limiga archa daraxtlari noqonuniy tarzda kesilganligi haqida xabar kelib tushdi. 

Xabarga ko'ra, Boysun davlat o’rmon xo’jaligi "Xomkon”  bo’limida o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada xodimlarning o’z ishiga sovuqqon munosabatda bo’lganligi natijasida 4 tup o’suvchanligini yo’qotmagan  va 2 tup o’suvchanligini yo’qotgan “Zarafshon” archalari tag qismidan kesilganligi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek,  43 tup archa daraxtlarining yon shoxlari kesilib, shikast yetkazilgan. 

Holat yuzasidan “Xomkon” bo‘limi boshlig‘i hamda 3 nafar xodimga MJtKning 95-moddasi 1-qismiga binoan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bo‘lim boshlig‘i BHMning 5 barobari, xodimlar esa 3 barobari miqdorida jarimaga tortildi. 

Shuningdek, huquqbuzarlik natijasida tabiatga 21 million 583 ming so’m zarar yetkazilgani aniqlandi. Huquqbuzarlarga o‘zlariga tayinlangan jarima hamda zararni to‘lashlari belgilandi.

Foydali manbalar