Daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 5 baravarga oshirildi
03.
03. 2024
12:01
4030
Yangiliklar

“O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi Qonunga asosan, daraxtlarni kesish yoki shikast yetkazganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.

Xususan, MJtKning 79-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazgan fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.

Shu bilan birga, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli boʻlgan ashyo yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya'ni 25 million 500 ming so‘mdan 34 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Bundan tashqari, MJtKning 79-moddasi to‘rtinchi qism bilan to’ldirildi. Unga ko‘ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi. 

Shu bilan birga, "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi Qonun 49(1) va 49(2)-modda bilan to‘ldirildi. Ya'ni davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g'ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo'q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo'llaniladi.

Qonun 2024-yilning 1-mart sanasidan kuchga kirdi.

Foydali manbalar