Prezident Farmoni (PF-46-son, 11.03.2024 y) bilan “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi.
Unga koʻra, 2024-yil 1-maydan Sirdaryo daryosi oʻzanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy o‘rnatiladi. Shuningdek, noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Ma'lumot uchun, 2024-yil 17-yanvarda “Suv havzalarida noruda materiallarini qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-sonli Farmon qabul qilingandi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1-may sanasidan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materialarini qazib olishga muddatsiz moratoriy o‘rnatiladi. Endi bu ro‘yxatga Sirdaryo ham qo‘shildi.
Farmonga asosan Sirdaryo daryosining yuvilgan qirgʻoqlarini mustahkamlanadi. Shu bilan birga, daryoning qirgʻoq boʻyi mintaqasidagi buzilgan yerlar tabiiy holatini qayta tiklash va reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari miqdori 10 baravarga oshiriladi.