“Yoshlar ovozi”: Oʻzbekistondagi ekologik muammolarga qaratilgan ijtimoiy soʻrovnomaga qoʻshiling
22.
04. 2024
14:40
1750
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi UNICEF global tashabbusi — "U-Report" bilan hamkorlikda O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida ekologik muammolar bo‘yicha ijtimoiy so‘rovnoma tashkil qildi.

Maqsad mamlakatimizdagi 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning O‘zbekistondagi ekologik muammolar bilan bog‘liq qator masalalar bo‘yicha fikrlarini to‘plash va tahlil qilishdan iborat.

So‘rovda qatnashish uchun Telegram’dagi U-Report platformasi – @UReportUzbBot ga kirib, bir nechta savollarga javob berish kerak. So‘rov natijalariga ko‘ra, U-Report ekspertlar guruhi to‘plangan ma’lumotlarni foiz va miqdoriy nisbatlarda umumiy tahlil qiladi hamda ma'lumotlar https://uzbekistan.ureport.in rasmiy veb-saytida hamma uchun ochiq bo‘ladi.

Soʻrovnoma natijasida toʻplangan maʼlumotlardan, ayniqsa, yoshlar ovoziga eʼtibor qaratgan holda, tabiatni asrash va iqlim muammolarini hal qilish boʻyicha samarali harakatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda foydalaniladi. Ana shunday loyihalardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Milliy iqlim markazi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Yashil shaharlar” loyihasi butun mamlakat bo‘ylab barqaror va ekologik toza shaharlarni yaratishga qaratilgan. Bundan tashqari, to‘plangan ma’lumotlar asosida O‘zbekistondagi yoshlar orqali ekologik muammolar xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Foydali manbalar