Ekotizimga e’tibor kerak
21.
07. 2020
11:31
6026
Yangiliklar

Yozning jaziramasida har qanday kishi soya–salqin joyni qo‘msaydi. Hech kimga sir emas, bugun joylarda amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari sabab markaziy hududlardagi dov–daraxtlar soni keskin kamayib ketmoqda.

To‘g‘ri, qurilish ishlaridan so‘ng yashil hududlar barpo etilmoqda. Ammo yangi ekilgan ko‘chatning insonga nafi tekkunga qadar ancha vaqt o‘tadi. Shu tufayli keyingi yillarda aholi yashash joylarida ayni muammo dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 20 ming aholi uchun kamida 1 gektar maydonda joylashgan kislorod ishlab chiqarish xususiyatiga ega daraxtlardan iborat yashil hudud zarur ekan. Bugun aholi yashash manzillari bu talabga javob beradimi? Javobi yo‘q savollar turmush tarzimizda juda ko‘p. Ammo, ushbu savollarni ko‘payib ketmasligi bugungi xatti–harkatimizga ham bog‘liq. Atrof–muhitga ehtiyotkorona munosabat yuqoridagi kabi muammolarning eng asosiy yechimidir. «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i o‘zining betakror Buxoro xonguli bug‘ulari bilan birga bebaho tabiati tufayli ham alohida e’tiborga sazovor.

Yozning jaziramasida bu hududga keluvchilar soni ancha ortadi. Ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hududda 15 nafar tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan maxsus dam olish maskanlari tashkil etilmoqda.

– Joriy yil boshidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qarori bilan dam olish markazi tashkil etish bo‘yicha 0,5 gektar yer maydoni ajratilgan edi, – deydi tadbirkor Latifjon Ergashev. – Berilgan imtiyozdan unumli foydalanib, hududda nafaqat yozda, balki qishda ham turistlar uchun xizmat ko‘rsatish maqsadida bu yerda yozgi va qishki basseyn tashkil etdik. Maskanda oilaviy tashrif buyuruvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida 8 kishilik yotoqxona ham tayyorladik. Kelgusida sayyohlar tabiat qo‘ynida bir necha kun qolishlari ham mumkin.

Bog‘ning umumiy maydoni 2 426,85 gektarni tashkil qilib, shundan 1 772 gektari qo‘riq zonasi hisoblanadi. Hududning umumiy uzunligi 35 km.ni tashkil qiladi. Enining uzunligi esa 100–1400 metrgacha yetadi. Bog‘ hududining hayvonot va o‘simlik dunyosi xilma–xilligi bilan kishi e’tiborini tortadi. Bu yerda sut emizuvchilarning 24 turi, qushlarning 207 turi, baliqlarning 18 turi, sudralib yuruvchilarning 10 turi, hashoratlarning 88 turi mavjud. O‘simliklarning 300 turi uchraydi. Ularning 80 turi dorivor, 20 turi dekorativ, 23 turi sanoat uchun mo‘ljallangan.

– Bog‘ hududi uch qismga ajratilgan, – deydi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘ining turizm bo‘yicha mutaxassisi Bahodir Bozorov. – Dam olish hududi 352 gektarni tashkil qiladi. Bu hududda uchta turistik yo‘nalish tashkil qilingan. Birinchi yo‘nalishda tillorang qirg‘ovul va qushlarni kuzatish mumkin. Ikkinchi yo‘nalishda esa Buxoro xonguli bug‘ulari bilan tanishish ko‘zda tutilgan. Uchinchi yo‘nalishda bog‘ning betakror o‘simlik dunyosi, tabiiy landshafti bilan tanishiladi. Ko‘pchilik sayyohlar tabiiy go‘zallikdan bahra olish uchun bu yerga tashrif buyurishadi. Afsuski, tabiatga insoniyat tomonidan ayovsiz munosabat hanuz davom etmoqda.

Bundan bog‘imizga ham zarar yetmoqda. Bugun kishi ko‘zini quvnatib turgan dov–daraxatlar ertaga tarixga aylanish xavfi bor. Chunki Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan bog‘ hududida yer osti suvlari sekin–asta pastlab ketmoqda. Bunga sabab qarama–qarshi tomonda xususiy tadbirkorlar tomonidan tashkil qilingan karerlarning soni yil sayin ortib borayotganligidir. Bu kar’erdardan «Zarafshon» daryosidagi qum va shag‘allar hech qanday hisob–kitobsiz qazib olinishi ekotizimga, boqqa o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bir necha bor tegishli tashkilotlarga qilingan murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda. Ahvol shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, bog‘ tabiatiga jiddiy zarar yetishi mumkin.

Bugun hech shubhasiz ekologiyaning buzilishidan barcha birdek zarar ko‘rmoqda. Tabiatdagi injiqliklar ham bejiz ro‘y bermayotganligini ko‘pchilik ekotizimga bo‘lgan ayovsiz munosabatning oqibati ekanligini anglab yetmoqda. Afsuski, hali–hamon ekologiya sofligini ta’minlashga bo‘lgan jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti.

Agar munosabat shu tarzda davom etsa, tabiat ham shu yo‘sinda javob qaytarishda davom etishi shubhasiz. Shunday ekan, mutasaddilar o‘z vaqtida tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishsa, tobora murakkablashib borayotgan ekologik vaziyat bir muncha yaxshilanarmidi?!

Alisher ISROILOV
Samarqand gazetasi muxbiri

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Foydali manbalar