Navoiyda ohak pishirish sexlarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi
18.
04. 2023
13:09
3870
Yangiliklar

Aholi murojaatlari asosida Navoiy viloyatida o‘rganish ishlari olib borildi. 

Natijada noqonuniy faoliyat olib borayotgan bir nechta ohak pishirish sexlari faoliyati to‘xtatildi.

Tabiat resurslari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasiga Navoiy shahrining “Bunyodkor”, “Binokor” MFY, “Ishchilar” qoʻrgʻoni, Sadriddin Ayniy koʻchasi hamda vokzal hududi aholisidan murojaat kelib tushdi. 

Murojaatlarni oʻrganish maqsadida viloyat boshqarmasi tomonidan Karmana tumani tabiat resurlari inspeksiyasi, tuman davlat soliq inspeksiyasi, tuman favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tuman qurilish boʻlimi, tuman sanitariya epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi, Kadastr agentligi tuman boʻlimi, “Yangi ariq” MFY raisi hamda mahalla profilaktika inspektori tomonidan ishchi guruh tuzilib, Karmana tumanidagi “Yangi ariq” MFY hududida faoliyat yuritayotgan  ohak pishirish sexlarining faoliyati oʻrganildi.

Oʻrganish davomida Karmana tumani “Yangi ariq” MFY hududidagi ohak pishirish sexlarida monitoring kuzatuvi oʻtkazilib, tahlil qilindi.

Tahlil natijalariga koʻra, atmosfera havosiga vodorod sulfidi, formaldegid, uglerod oksidi, oltingugurt, qoʻsh oksidlari kabi zaharli moddalar meʼyoridan ortiq chiqarilayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, hududlardagi ohak ishlab chiqarish sexlari xatlovdan oʻtkazilganda Karmana tumani “Dehqon” MFYda yashovchi fuqaro B.A. va Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro T.K.larga qarashli ohak ishlab chiqarish sexi ham noqonuniy tarzda faoliyat yuritib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. 

 

Holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy ish qoʻzg‘atildi. Shuningdek, sex faoliyati koʻrsatib oʻtilgan holatlar bartaraf etilguniga qadar vaqtincha toʻxtatildi.

Bundan tashqari, Karmana tumani hududida faoliyat yuritayotgan ohak ishlab chiqarish sexlari – “Shaxboz Navoiy”, “Gold Cheken Farm”, “Hamid Akrom Kelajagi Servis”, “Imron Karmana Navoiy” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga hamda fuqarolar D.B, B.A, T.F, K.T.larga tegishli tartibda chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish toʻgʻrisida ogohlantirish xatlari berildi.

Shu bilan birga, Navbahor tumani tabiat resurslari inspeksiyasi tomonidan “Qorajon” MFY hududida fuqaro S.Sh. noqonuniy ravishda ohak pishirish sexi ishlatayotganligi aniqlandi. Ushbu holat boʻyicha fuqaroga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilandi. Ohak pishirish sexi esa joyida buzib tashlandi.

Unutmang! Atrof-muhit tozaligi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz!

 

Foydali manbalar