YTTB biologik xilma-xillikni saqlash masalasiga e’tibor qaratmoqda
24.
05. 2023
17:22
1974
Yangiliklar

Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishi va biznes-forumi doirasida bioxilma-xillikni saqlash hamda tiklash bo‘yicha yuqori darajadagi panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Xalqaro moliya instituti vakili – Osiyo infratuzilma investitsiya bankining siyosat va strategiya bo‘yicha vitse-prezidenti Ser Denni Aleksandr, KRASS hammuassisi, fuqarolik jamiyati vakili Yelena Kan, “Arcadis” kompaniyasining biologik xilma-xillik va tabiiy kapital bo'yicha katta eksperti, konsalting kompaniyasi vakili Chantal van Ham va boshqalar ishtirok etdi. 

Munozarani xalqaro jurnalist va BBC Newsning sobiq ilmiy muharriri Devid Shukman olib bordi.

Ta’kidlash joizki, biologik xilma-xillik inqirozini hal qilishning dolzarbligi panel muhokamasining asosiy mavzusi bo'ldi. Yashash joylarining vayron bo‘lishi, atrof-muhitning buzilishi va global isish oqibatlari bilan biologik xilma-xillikni himoya qiluvchi barqaror biznes modellariga ehtiyoj har qachongidan ham katta ekanligi aytildi.

Panel muhokamasida, shuningdek, 196 tomon, jumladan, O‘zbekiston tomonidan kelishilgan BMTning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasi – “Kunming-Monreal Global bioxilma-xillik asoslari” (GBF) ishtirokchilarining 15-konferensiyasida erishilgan muhim natijalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etish joizki, tadbir siyosatchilar, biznes rahbarlari, fuqarolik jamiyati, professional uyushmalar va moliya institutlari vakillarini bozorlarni yaratish hamda tabiatga investitsiyalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilish uchun birlashtirdi.

Ma’lumot uchun, GBF 2030-yilga kelib tabiatni tiklash yo'liga o'tish va 2050-yilgacha "tabiat bilan uyg'un dunyo"ga erishish uchun biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha katta maqsad va vazifalarni belgilaydi. Ushbu maqsadlarga erishish esa birgalikdagi harakatlarni talab qiladi.

Foydali manbalar