Samarqandda “Yashil shahar” harakat rejasini ishlab chiqishga qaratilgan o'quv seminari o‘tkazildi
06.
11. 2023
12:48
2632
Yangiliklar

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan “Yashil shaharlarni rivojlantirish metodologiyasi” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.  

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ullari, viloyatlar, Nukus va Toshkent shahar hokimlarining kapital qurilish va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

“Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning inson salomatligiga zararli ta’sirining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya-gigiyena sifatini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi seminarda nutq so‘zlagan Obidjon Qudratov. — Ishonchim komilki, o‘quv seminarga taklif etilgan mutaxassislar bilan o‘rtoqlashadigan bilim, uslub va tajriba mamlakatimiz hududlari va shaharlarini barqaror rivojlantirish uchun ko‘p tomonlama foydali bo‘ladi”.

Ma’lumot uchun, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ilgari surilgan ekologik bosh rejalarni ishlab chiqish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-son qarorida o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, barcha hokimliklarga 2024-yil 1-iyungacha 2030-yilgacha bo‘lgan ekologik bosh rejani ishlab chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etish topshig‘i berilgan. Ushbu tashabbus ekologik vaziyatni yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish, barqaror shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘quv seminari davomida shaharning ekologik vaziyatini baholash va zarur yechimlarni ishlab chiqishda mavjud muammolar va imkoniyatlarni aniqlash, bu borada aqlli texnologiyalarni qo‘llash, ekologik yechimlar, yashash muhitini yaxshilash, tegishli resurslarni toʻgʻri taqsimlash va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Trening yakunida ishtirokchilar tomonidan daraxt ko'chatlari o'tqazildi.

O‘quv mashg‘ulotidan asosiy maqsad mahalliy hokimliklar, davlat organlari va kommunal xizmatlarni shahar ekotizimlarini yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha amaliy koʻnikmalar va usullar bilan taʼminlashdan iborat. Shuningdek, viloyat, shahar va tumanlarning ekologik bosh rejalarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan mahalliy hokimliklar, davlat organlari va kommunal xizmatlar salohiyatini oshirish maqsad qilingan.

Foydali manbalar