O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nigohi” mavzusidagi brifingda ishtirok etdi. Tadbir 4 dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.
Brifingdan koʻzlangan maqsad Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida yetarlicha progress boʻlmagan sharoitda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada oshirishdan iborat.
Brifing doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov “Oʻzbekistonning iqlim muammolariga qarshi kurashishda mintaqa davlatlarini birlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlari” mavzusidagi maʼruzasi bilan mintaqaning jiddiy iqlim muammolari va O‘zbekiston tomonidan BRMga erishish yo‘lida ko‘rilayotgan shoshilinch chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.
Vazir oʻrinbosari oʻz nutqida ishtirokchilar eʼtiborini Markaziy Osiyodagi iqlim muammolariga qaratdi. Xususan, u mintaqa iqlim o‘zgarishiga eng zaif hudud ekanligini ta’kidladi. Oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpaydi, shuning uchun muzliklar maydoni qariyb uchdan bir qismga qisqardi, bu esa 2050-yilga kelib asosiy daryolar, Amudaryo va Sirdaryoning suv bilan ta’minlanishi 15-20 foizga qisqarishiga sabab bo‘ladi. J. Kazbekov transchegaraviy suvlarni boshqarish, tuproq degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligi hosildorligining kamayishi, biologik xilma-xillikni qisqartirish muammolarini ham sanab o‘tdi va ayniqsa, Orol dengizining qurishi va uning cho‘llanishi chang-qum bo'ronlari hamda tuzning ko‘payishiga sabab bo‘layotganiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, hududda havo harorati 40°C dan yuqori boʻlgan kunlar chastotasi va davomiyligi oshib borayotgani, sovuq kunlar minimal boʻlgan issiq qish, haroratning keskin oʻzgarishi, bahorgi sel va quruq davrlar koʻpayayotgani qayd etildi.
Vazir oʻrinbosari oʻz nutqida iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha ilmiy asoslangan qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish va atrof-muhit muammolariga kompleks mintaqaviy yondashuvlar hamda yechimlarni topishda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari hamkorligi muhimligini taʼkidladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston BRMga erishish tarafdori. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida “Markaziy Osiyo iqlim muloqotini yo‘lga qo‘yish” va “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik uchun birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
J. Kazbekov yig‘ilganlar e’tiborini O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga, xususan, 5 yil ichida 1 milliard tup ko‘chat ekishdan ko‘zlangan “Yashil Makon” milliy dasturiga qaratdi. Shuningdek, Orol dengizining qurib qolgan tubini 2 million gektarga yaqin maydonda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini zamonamizning global ekologik muammosi sifatida tan oldi, uning oqibatlarini yumshatish maqsadida BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast fondi tashkil etildi va BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida maxsus rezolyutsiya qabul qilindi, unga ko‘ra Orolbo‘yi hududi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilindi.
J. Kazbekov nutqi davomida brifing ishtirokchilarini 2024-yil bahorida O'zbekistonning tarixiy shahri - Samarqandda.bo‘lib o‘tadigan iqlim forumiga taklif qildi. Ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan forum ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha global muloqot maydoniga aylanadi. Beshta sessiyada suv, energiya, oziq-ovqat, ekologik xavfsizlik, barqaror shaharsozlik, yashil sarmoya, yoshlar ishtiroki va barqaror rivojlanishda anʼanaviy bilimlarning roli muhokama qilinadi. Forum doirasida iqlim oʻzgarishi boʻyicha umumiy mintaqaviy qarashlarni shakllantirishga qaratilgan Samarqand deklaratsiyasini imzolash ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashtirishni o‘z oldiga strategik maqsad qilib qo‘ygani ta’kidlandi. Shu bilan birga, mamlakat uglerod neytralligiga erishish va "yashil" energiya ulushini oshirishni maqsad qilgan. Bu qadamlar barqaror rivojlanishni ta’minlash, zamonaviy iqlim muammolari sharoitida global va mintaqaviy barqarorlikni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Brifingdagi muhokama global va mintaqaviy barqarorlik bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqish imkonini berdi. Bu masalalarga iqlim oʻzgarishi, atrof-muhit degradatsiyasiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish kiradi.