Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida ham maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha aholi uchun 7500 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) 188 ming 808 so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) 89 ming 977 so‘m to‘lov miqdori belgilandi. Buxoro viloyatida esa aholi uchun shaharlarda 1 kishiga oyiga 5000 so‘m, tumanlarda 4000 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) shaharlarda 186 ming so‘m, tumanlarda 160 ming so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) shaharlarda 83 ming so‘m, tumanlarda 71 ming so‘m to‘lov miqdori maʼqullandi.
Namangan viloyati bo‘yicha aholi uchun 5000 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQSsiz) 50 ming so‘m to‘lov miqdori belgilandi.
Ta'kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari va Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga ko‘ra Xalq deputatlari hududlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini taʼminlashga xizmat qiladi.