Ekologiya uchun zararsiz: Oʻzbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi
09.
01. 2024
10:18
5376
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tashabbusi bilan endi yurtimizda chiqindi tashishda elektrda yurishga moʻljallangan texnika vositasidan foydalaniladi. Elektromobil “Eko House” chiqindi klasteri tomonidan Xitoydan keltirildi.

“Bugungi kunda ekologiya, xususan, chiqindi sohasida yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Xitoyning “Chengdu Shiny Technology Co Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan elektrotexnika vositasi, avvalo, atmosferaga zaharli tashlamalar chiqarmasligi bilan ahamiyatli. Yaʼni bu mashina ekologiyaga zarar yetkazmaydi”.

Xitoy kompaniyasi mutaxassisi Vey Go xonim ushbu elektromobil atmosferaga zararsiz ekanligini, Oʻzbekiston ham aynan shu jihatga eʼtibor qaratganini taʼkidladi. 

“Elektromobil Xitoyning Chenju shahrida ishlab chiqarilgan. Ekologik jihatdan zararsiz. Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikdan mamnunmiz va kelajakda chiqindi tashiydigan elektromobillarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz”, — dedi Vey Go. 

Elektromobil dastlab Jizzax viloyatida sinovdan oʻtkaziladi. Eʼtiborli tomoni, u tor koʻchalarda ham yurishga moʻljallangan. 

“Mashina toʻliq quvvatda 300 kilometr masofani bosib oʻtadi. Bu esa kun davomida aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib, maxsus poligonlarga tashish imkonini beradi. Shuningdek, 3 tonnagacha yukni bemalol koʻtara oladi”, — dedi “Eko House” chiqindi klasteri rahbari Jahongir Xudoyberdiyev.

Maʼlumot uchun, 2023-yilda Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib ketishning signal usuli oʻrniga musiqali usul joriy qilingan edi. Bu aholining chiqindi yigʻadigan maxsus texnika vositalarining baland signalidan norozi boʻlganini inobatga olib amalga oshirilgan.

Foydali manbalar