Samarqandda qor qoplonini muhofaza qilish bo‘yicha global dastur ijrosi ko‘rib chiqildi
11.
02. 2024
12:47
2494
Yangiliklar

11-fevral kuni Qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilish bo‘yicha global dastur (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qor qoplonlari yashaydigan mamlakatlarning atrof-muhit vazirlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari (XMI) vakillari ishtirok etdi.

2013-yildagi Bishkek deklaratsiyasi bilan tuzilgan ushbu hukumatlararo ittifoqning 10 yilligi nishonlandi.

Vazirlar yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, qor qoploni va uning ekotizimlarini asrab-avaylash nafaqat ekologik nuqtai nazardan muhim, balki katta meros va madaniy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. 

"O‘zbekistonda tabiatni asrash va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor vazifalaridan biridir. Xususan, ekologik strategik siyosat bo‘yicha qator hujjatlar, qarorlar va chora-tadbirlar rejalari, jumladan, 2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2028-yilgacha bioxilma-xillikni saqlash strategiyasi va boshqalar qabul qilindi, — dedi A.Abduhakimov. — O‘zbekistonda GEF va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qor qoplonini saqlash loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdik, bu bizga ekologik ta’limga yo‘naltirilgan ikkita tashrif markazini yaratish va SMART patrul tizimini joriy qilish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan G‘arbiy Tyan-Shanda qor qoplonlarini saqlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham faxrlanarli natijadir”.

Yig‘ilishda qor qoplonlari yashaydigan 12 ta davlat hukumatlari, shuningdek, GSLEP kotibiyati va hamkorlar tomonidan Bishkek deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlari jamoaviy baholandi, istiqboldagi ustuvor harakatlar belgilandi, aniqlangan moliyaviy kamchiliklar muhokama qilindi, kelajakdagi resurslarga bo'lgan ehtiyoj baholandi va qor qoplonini saqlash tashabbuslarini moliyalashtirish usullari aniqlandi. Xalqaro taraqqiyot tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari va donor davlatlar ishtirokidagi mazkur yig‘ilish qor qoplonlari populyatsiyasini saqlash va iqlim ta’siriga moslashish maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, loyihalarni boshlash va mamlakatga grant mablag‘larini jalb qilish imkonini beradi. 

Bugungi voqelikda, global isish va muzliklarning erishiga olib keladigan, bu bilan qor qoplonlarining yashash muhiti va uning o'lja manbalariga tuzatib bo'lmaydigan darajada zarar yetkazayotgan iqlim o'zgarishi sharoitida  ushbu qimmatli turni saqlab qolish uchun transchegaraviy va davlatlararo hamkorlik muhim ekanligi qayd etildi.

Muloqotni o‘z vaqtida o‘tkazish, qor qoplonlarining yashash muhitini asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish muhimligini inobatga olib, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha asosiy majburiyatlar belgilab berilgan tarixiy Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. U hukumatlarni, rivojlanish boʻyicha hamkorlarni va moliyaviy institutlarni iqlim oʻzgarishiga moslashish va saqlash boʻyicha saʼy-harakatlarni jadallashtirish uchun innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini oʻrganish orqali GSLEP dasturi va tegishli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Ushbu muhim uchrashuv kelgusi o'n yillikdagi o'zgarishlarni kuchaytirishga va mintaqaning biologik xilma-xilligi va butun insoniyat manfaati uchun Osiyo tog'larining ekologik kelajagini ta'minlashga va'da berdi.

Foydali manbalar