“Eko-zakovat”: Toshkentda talabalarning ekologik bilimlari sinovdan o‘tkazildi  
13.
04. 2024
18:20
9255
Yangiliklar

13-aprel kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Toshkent Markaziy eko bog‘ida “Eko-Zakovat” intellektual musobaqasi – ekologiyaga oid bilimlar bellashuvi o‘tkazildi. 

Tadbir 15-aprel - “Ekologiyaga oid bilimlar kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi 171-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi masalalariga bagʻishlangan muhim sanalar boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar kalendar rejasining 5-bandiga muvofiq tashkil etildi.

Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent Metallurgiya zavodi hamda Zakovat intellektual klubi hamkorligida o’tkazilgan musobaqada 12 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari ishtirok etdi. O‘yinda ishtirokchilar ekologiyaga oid 24 ta savolga javob berib, o‘z bilim va tez qaror qabul qilish qobiliyatini namoyish etishdi.

O‘yin yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni “Kimyogarlar”, 2-o‘rinni “Staticfacion” va 3-o‘rinni “Ekofaollar” jamoasi egalladi. G‘olib va ​​sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, “Ekologik bilimlar kuni” dunyoning ko’plab davlatlarida nishonlanadi. Bayram tarixi 1992-yilda BMTning Rio-de-Janeyrodagi ekologik muammolarga bag'ishlangan konferensiyasiga borib taqaladi. Konferensiyada aholining ekologik ta’lim-tarbiyasiga ham e’tibor qaratilgan.

Maqsad ekologik bilimlarni targ'ib qilish, ekologik madaniyatni shakllantirish, dolzarb ekologik muammolar va atrof-muhit holati haqida ma'lumot berishdir.

Foydali manbalar