Ekologiya, sport, san'at va gastronomiya: Orol turizm haftaligi qanday o'tdi?
22.
04. 2024
12:33
7612
Yangiliklar

16-19-aprel kunlari Qoraqalpog‘istonda Orol turizm haftaligi bo‘lib o‘tdi.

Nukus va Mo‘ynoq tumanida uch kunlik tadbirlar doirasida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasi, Orol dengizi eko-marafoni, “Orolning 99 xil taomi” gastronomik festivali, ijodiy plener” “Orol rassomlar nigohida” ijodiy pleneri, Xo‘jayli tumanida ko‘chat ekish aksiyasi hamda Qoraqalpog‘istonning diqqatga sazovor joylariga press-tur tashkil etildi.

Haftalikning birinchi kunida konferensiya ishtirokchilari Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonlar barpo etishning o‘rni va ahamiyati, Orolbo‘yining muhofaza etiladigan hududlarida barqaror turizmni rivojlantirish istiqbollari, Orol dengizining quyi oqimidagi suv muammolari va ularni hal etish yo’llariga oid ma’ruzalar bilan tanishdilar. Shuningdek, tadbirda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy Orolbo‘yi ekologiyasini tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar haqida gapirdi.

Tadbirning ikkinchi kunida mamlakatimizning bir qancha viloyatlaridan kelgan 200 nafar ishtirokchi eko-marafonda qatnashib, daraxt ko‘chatlari ekishdi. Shuningdek, 18-aprel kuni Mo‘ynoq tumanida “Orolning 99 ta taomi” gastronomik festivali bo‘lib o‘tdi va unda hududlarning eng yaxshi oshpazlari aniqlandi.

Tadbirning uchinchi kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi “Tajriba uchastkasi” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xiyobon va eko bog‘i ochilib, 100 tup daraxt ko‘chatlari ekildi.

Ma’lumot uchun, mazkur o‘rmon xo‘jaligi korxonasining hududi 33 gektar yerni tashkil etadi. 2018-yildan buyon bu yerda 1,9 million tupdan ortiq daraxt va o‘simliklar, jumladan, yapon saforasi, olxo‘ri, chinor, bir necha turdagi terak va boshqa daraxtlar ekilgan.O‘rmon xo‘jaligida jami 21 turdagi o‘simliklar bor.

Shuningdek, 16-23-aprel kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan “Orol rassomlar nigohida” ijodiy pleneri tashkil etildi, plener doirasida yosh rassomlar Orol haqida rasmlar yaratishlari va tajriba almashishlari uchun Qoraqalpogʻistonga sayohat uyushtirildi. Plener yakunlariga ko‘ra, yosh rassomlarning asarlari ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, tadbirlar doirasida OAV vakillari uchun Quyi Amudaryo biosfera rezervati, Qadimiy Jampiqqal’a qal’asi, Mizdaxon arxeologiya majmuasi va Qoraqalpog‘iston davlat muzeylariga press-tur tashkil etildi.

Turizm haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

 

Foydali manbalar