Abu Dabining yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va iqlim ta’sirini yumshatishga ko‘maklashadi 
04.
12. 2023
16:20
3074
Yangiliklar

Dubayda COP28 forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Tadweer” (Abu Dabi Waste Management Company — Abu-Dabi chiqindilarni boshqarish kompaniyasi) o‘rtasida memorandum imzolandi.  

Memorandumdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va “Tadweer” kompaniyasi bosh direktori Ali Al-Dhaheri o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda 2019-yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning kengayishi BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam va ijobiy munosabatlardan dalolat berishi qayd etildi. Shuningdek, memorandum imzolanishi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganini ifodalashi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, memorandum qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda zamonaviy, innovatsion va ekologik toza texnologiyalar hamda xizmatlarni joriy etish hamda barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodi ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan.

"O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish sohasini takomillashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. "Tadweer" kompaniyasi bilan imzolangan memorandum esa bu borada navbatdagi samarali qadam hisoblanadi, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — "Tadweer" chiqindilarni boshqarish sohasida katta tajribaga ega. Biz o‘zaro hamkorlikda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish va olib ketish, saralash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, chiqindi gazini yigʻish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni boshqarish tizimini takomillashtirish kabi muhim vazifalarni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Hamkorligimiz har tomonlama manfaatli bo‘lishiga ishonaman".

Loyiha Navoiy, Buxoro viloyatlari va Farg‘ona vodiysiga qaratilgan texnik-iqtisodiy asoslashdan boshlanadi, har bir hududda chiqindilarni yo‘q qilish amaliyoti o‘rganiladi. 

“Tadweer” kompaniyasining boshqaruvchi direktori va bosh direktori Ali Al Dhaheri hamkorlikdan mamnun ekanligini bildirdi.

"Biz global miqyosda ekologik barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratganmiz. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi bilan hamkorligimiz esa innovatsiyalar va ekologik toza yechimlar borasidagi pozitsiyamiz mustahkam ekanligini isbotlaydi. O‘zbekistonda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodining ishga tushirilishi hamkorlikning ahamiyati va bizning yanada yashil, barqaror kelajakka sadoqatimizdan dalolatdir. Bu tashabbus O‘zbekistonda nafaqat qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida inqilob yasaydi, balki iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga ham katta hissa qo‘shadi. Eng ilg‘or texnologiyalar va chiqindilarni energiyaga aylantirish bo‘yicha strategik tashabbuslar orqali biz atrof-muhitni muhofaza qilishda yangi mezonlarni belgilashga tayyormiz”, — dedi u.

Hamkorlik doirasida maishiy chiqindilarni yig'ish va olib chiqish, shuningdek, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshqarish tizimi ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun poligon gazini qazib olishga ham e’tibor qaratiladi. Loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni ishlab chiqaruvchi korxonalarda chiqindilarni saralash liniyalari o‘rnatish, plastmassa, qog‘oz, shisha va alyuminiy kabi ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. 

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, chiqindilar va resurslarni faol boshqarish global issiqxona gazlari chiqindilarining ta’sirini 15 –20 foizga kamaytiradi, bu esa atrof-muhit va iqtisodiy jihatdan sezilarli afzalliklarga olib keladi.

Foydali manbalar