Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi korxonalar chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirildi
22.
01. 2024
11:23
3635
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani tufayli atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ekologik monitoring o‘tkazildi.

Monitoring davomida Chilonzor tumanida joylashgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 70 ta korxonaga, jumladan, beton, un mahsulotlari, keramika va kafel, mato-gazlama va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berildi.  Shuningdek, Sergeli tumanida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 68 ta korxona chang gaz tozalash uskunalari o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirildi. 

Qolaversa, Yangihayot tumanida joylashgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 22 ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berildi. 

Ma’lumot uchun, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga asosan 2024-yil 12-yanvar holatiga Toshkent shahrida joylashgan 42 ta korxona tomonidan chora-tadbirlar rejasi taqdim etilgan. Shundan atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 75 ta tadbir belgilangan. 

Mazkur chora-tadbirlar bajarilishi yuzasidan har chorakda korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, 1517 ta atrof-muhitga taʼsirni ko‘rib chiqish (ZVOS) loyihalari (o‘tgan yilda 1343 ta), 221 ta atrof-muhitga taʼsir oqibatlarini meʼyorlashtirish (ZEP) loyihalari (o‘tgan yilda 206 ta), 371 ta atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalarni meʼyorlashtirish (PDV) loyihalari (o‘tgan yilda 375 ta), 651 ta chiqindilarning hosil bo‘lishi va joylashtirilishini meʼyorlashtirish (PDO) loyihalari (o‘tgan yilda 527 ta), 3 ta ochiq suv havzalariga tashlanadigan oqovalarni meʼyorlashtirish (PDS) loyihalari (o‘tgan yilga nisbatan 9 ta) to‘g‘risda ma’lumotlar berib boriladi.

Ko‘rib chiqilgan loyiha hujjatlaridan 2392 tasiga ijobiy xulosa berilgan bo‘lib, 321 tasi qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi va 50 tasiga salbiy xulosa berildi. Shu jumladan, obyektlardan 189 tasiga ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etganidan keyin ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi berildi.

2022-yilda 2460 ta hujjatga ekologik xulosalar berilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 303 taga ko‘paydi. Jumladan, Chilonzor, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi korxonalar hududa o‘rganish ishlari o‘tkazilib,  ekologik normativ hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Foydali manbalar